O‘zb Рус

Dunyoni jimgina kuzatayotgan farzandlarimizga ovozli olamni qaytaraylik!

18 Sentabr, 2020

Tasavvur qiling, bolajon tovushlarga eʼtibor bermayapti, ismini aytsangiz – eshitmayapti, musiqaga raqs tushmayapti, qushlarning chug‘uri, suvlarning shildirashini his qilmayapti. Tug‘ma yoki orttirilgan nuqson tufayli bolajon tinglash va so‘zlash baxtidan benasib. Bu iztirob uning murg‘ak dunyosi va ota-onasi uchun naqadar og‘ir ekanini his qilish qiyin emas.

Aslida bola ulg‘ayguniga qadar zamonaviy tibbiyotning yutuqlari tufayli unga bu baxtni qaytarish mumkin.

“Zamin” fondi eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarning taʼlimini rivojlantirish dasturi doirasida koxlear implantatsiya operatsiyasini o‘tkazishga qaratilgan xayriya.online kraundfanding platformasini ishga tushirdi.

Veb-sayt eshitish qobiliyati cheklangan bolalarni sizga tanishtiradi, operatsiya uchun zarur mablag‘lar haqida axborot beradi. Bizningcha, har bir bolajonning hikoyasi katta bir tarix, bir-birimizga yaxshilik qilishga chorlaydigan ibratli voqea.

Yetarli mablag‘ to‘plangach, koxlear implantatsiya operatsiyasi o‘tkaziladi, natijada bolalar dunyoni tinglab turib anglash va so‘z bilan muloqot qilish imkoniga ega bo‘lishadi.

Koxlear implantatsiya eshitish qobiliyatini yaxshilaydi, aftofdagilar bilan muloqotni osonlashtiradi va axborotni qabul qilish sifatini oshiradi hamda taʼlim jarayonida ham katta yordam beradi.

Mazkur platforma Uzcard, Humo, Click va Payme tizimlariga ulangan. Shuningdek, yaqin kunlarda Click va Payme dasturlari, Visa va MasterCard xalqaro kartalari orqali ham to‘lovni amalga oshirish imkoni bo‘ladi.

Platforma uchun maxsus billing tizimi ishlab chiqilgan. Barcha jarayonlar shaffof amalga oshiriladi. Har bir tushirilgan mablag‘ soniyalar ichida xayriya ro‘yxatida aks etadi va umumiy hisobga qo‘shiladi. Bosh sahifada barcha xayriyalarning umumiy summasi ko‘rinsa, bolalar sahifasida har bir bola uchun to‘plangan mablag‘ namoyon bo‘ladi.

Saytdan koxlear implantatsiya to‘g‘risida ko‘p so‘raladigan savollarga ham javoblar topasiz.

Eshitishida nuqsoni bo‘lgan farzandlarimizning kelajagi uchun ushbu xayriya loyihasini qo‘llab-quvvatlovchi oliyjanob insonlar ko‘p ekaniga ishonch bildiramiz.

Toki, har bir bola “Seni eshityapman, olam” deya olsin!